Hans-Diter Flik «Barselona»ning inqirozli holati haqida: «Bizga jamoaviy birdamlik yetishmadi»
«Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flik jamoasining soʻnggi ikki uchrashuvdagi muvaffaqiyatsizligidan soʻng, yuzaga kelgan muammolar haqida oʻz fikrlarini bildirdi. AS nashri xabariga koʻra, germaniyalik mutaxassis magʻlubiyatlarning asosiy sabablarini taktik xatolar va intensivlikning pasayishi bilan izohlagan.
Flikning taʼkidlashicha, hozirda jamoa koʻplab mayda detallar ustida ishlashi talab etiladigan murakkab vaziyatga tushib qolgan. Murabbiyning fikricha, «Barselona» raqiblar «past blok» (zich himoya)da harakat qilganida boʻsh hududlardan samarali foydalana olmayapti. Aksincha, toʻp yoʻqotilgan yoki pozitsion xatoga yoʻl qoʻyilgan pallalarda jamoa darhol jazolanmoqda.
Kataloniyaliklar ustozi jamoaviy falsafaga qaytish zarurligini shunday taʼrifladi:
«Biz maydonda yaxlit bir jamoa sifatida harakat qilishimiz va doimo jipslashgan boʻlishimiz shart. Oxirgi oʻyinlarda aynan mana shu birdamlik bizga yetishmadi. Toʻp bilan boʻlganimizda ham, toʻpsiz harakatlarda ham faollik yetarli darajada emas edi. Biz koʻproq intensivlik koʻrsatishimiz va oʻz futbol falsafamizga qaytishimiz zarur».
Eslatib oʻtamiz, «Barselona» uchun fevral oyi oʻrtalari nihoyatda ogʻir kechdi. Jamoa 12 fevral kuni Ispaniya kubogi yarimfinalida Madridning «Atletiko» klubiga yirik 0:4 hisobida imkoniyatni boy bergan boʻlsa, 16 fevralda La Liga doirasida «Jirona» bilan bahsda 1:2 hisobida magʻlubiyatga uchradi.