“Hall Siti” klubi tarixidagi rekord transferni amalga oshirdi
Angliyaning “Hall Siti” klubi “Olimpiakos” darvozaboni Konstantinos Tsolakis transferini rasman e’lon qildi. 23 yoshli gretsiyalik futbolchi yangi jamoasi bilan 2031-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan besh yillik shartnoma imzoladi.
Transfer summasi klub tomonidan oshkor qilinmadi. Biroq “Hall Siti” ushbu kelishuv o‘z tarixidagi eng qimmat transferga aylanganini ma’lum qildi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, ingliz klubi darvozabon uchun 23,3 million yevro to‘lagan.
Tsolakis 2020-yilda “Olimpiakos”ning asosiy jamoasida debyut qilgan. U Gretsiya klubi safida 131 ta uchrashuv o‘tkazib, shundan 64 tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. Shuningdek, Gretsiya milliy terma jamoasida to‘qqiz marta maydonga tushgan.
Darvozabon “Olimpiakos” bilan to‘rt karra Gretsiya chempioni bo‘lgan, mamlakat kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritgan. U 2023/24-yilgi mavsumda UEFA Konferensiyalar ligasida g‘olib chiqqan jamoa tarkibida ham bo‘lgan.