«Hall Siti» APLda qancha daromad qilishi maʼlum boʻldi
«Hall Siti» 2016/2017 yilgi mavsumdan buyon ilk bor Angliya Premyer-ligasiga qaytdi va kelayotgan 2026/2027 yilgi mavsumda 200 million yevrodan ortiq daromad olishni kafolatladi. Bu haqda Sky Sports nashri xabar bermoqda.
Klub daromadining asosiy manbalari televizion huquqlar va Premyer-liganing daromadlarni taqsimlash mexanizmlari boʻladi. Manbaning hisoblashicha, jamoa hatto kelgusi mavsumning oʻzidayoq quyi ligaga tushib ketgan taqdirda ham, umumiy hisobda qariyb 228 million yevro ishlab olishi mumkin. Bu esa ingliz futboli yuqori divizioniga qaytishning iqtisodiy jihatdan qanchalik ulkan samara berishini tasdiqlaydi.
Eslatib oʻtamiz, «Hall Siti» Chempionship pley-off bosqichi finalida «Midlsbro»ni magʻlub etib, APL yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Yarimfinalda «Hall Siti» «Milluoll»dan ustun kelgan edi (0:0, 2:0). «Midlsbro» esa aslida «Sautgempton»ga imkoniyatni boy bergan (0:0, 0:1), biroq «avliyolar» boshqa jamoalarning mashgʻulotlarini yashirincha videoga olgani uchun ularga texnik magʻlubiyat yozilgan. Avvalroq «Koventri Siti» va «Ipsvich Taun» klublari toʻgʻridan-toʻgʻri APLga yoʻllanma olgan edi.