Hakmlar akademiyasining navbatdagi moduli yakunlandi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tasarrufidagi Hakmlar akademiyasi talabalariga navbatdagi modul mashg‘ulotlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Ushbu bosqich Namangan shahrida o‘tkazilib, yosh hakamlar nafaqat nazariy bilimlarini mustahkamladi, balki amaliy tajribani ham boyitdi.
Modul doirasida akademiya tarbiyalanuvchilari futbol maktablari o‘rtasidagi O‘zbekiston U-17 chempionati uchrashuvlarida hakamlik qilib, o‘z tajribasini oshirdi. O‘yinlar davomida hakamlik faoliyati Ma’mur Saidkasimov va Aleksandr Popov kabi tajribali mutaxassislar tomonidan kuzatib borildi.
Har kungi bahslardan so‘ng instruktorlar va tajribali hakamlar ishtirokida o‘yinlarga bag‘ishlangan hakamlik tahlili bo‘yicha muhokama tashkil qilindi. Unda Ma’mur Saidkasimov, Aleksandr Popov, G‘ayrat Jo‘rayev hamda Ibrohim Ismoilov o‘z taklif va tavsiyalarini bildirib, yosh hakamlarning kelgusi faoliyati uchun foydali tushunchalar berdi.
O‘FA va Hakmlar markazi tomonidan akademiya tinglovchilari uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ular mehmonxona va sifatli oziq-ovqat bilan to‘liq ta’minlandi.
Mazkur modul Hakmlar akademiyasi dasturining muhim bosqichlaridan biri bo‘lib, yosh hakamlarning xalqaro standartlarga mos, yetuk mutaxassis sifatida shakllanishida katta o‘rin tutadi.