locale OZ

Hakim Fuzaylov: Darvozabon uchun bir taymda uchta toʻp oʻtkazib yuborish yaxshi emas

Xorazm bosh murabbiyi Andijon bilan o'yindan keyin fikr bildirdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Hakim Fuzaylov: Darvozabon uchun bir taymda uchta toʻp oʻtkazib yuborish yaxshi emas
photo: Andijon fk

“Andijon” - “Xorazm” (3:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar ustozi Hakim Fuzaylov qatnashdi va OAV vakillariinng savollariga javob qaytardi.

- Uchrashuv natijasidan bilsa boʻladiki, qiziqarli oʻyin boʻldi. Chempionatdagi 29-tur oʻyini oʻtkazildi. Doimgidek, uchrashuvni yaxshi boshladik, yaxshi harakat qildik. Oʻyin davomida toʻpni yaxshi nazorat qildik. Afsuski, oʻtkazib yuborilgan uchta toʻpni oʻzimizga-oʻzimiz olib keldik. “Andijon” qarshi hujumlarda yaxshi oʻynab, gollar urishga erishdi. Hech qanday imkoniyat qoldirmasdan uchta gol urdi. Gollar oʻtkazganimiz nima bilan bogʻliq? Mavsum oxiri, jarohat olganlar bor, shular bilan izohlayman. Tarkibda rotatsiya boʻldi. Bundan hech qanday fojea yasab boʻlmasligini koʻrdik. Ikkinchi taymda yana futbolga qaytdik. Natijaga erishish mumkinligini isbotladik. Gol ura olishimizni, katta potensial bilan oʻynashimiz mumkinligini koʻrsatdik. Afsuski, navbatdagi magʻlubiyatga uchradik. Shunday boʻlsa-da, rahbariyatga jamoani Superligada saqlab qolishni vaʼda berganmiz. Chempionatdagi oxirgi oʻyinga tayyorgarlik koʻramiz va yaxshi oʻynashga harakat qilamiz. Pley-off ham boʻlishi mumkin va bunday jamoani saqlab qolishimiz kerak.

- Sardor Qobuljonov birinchi boʻlimda uchta gol oʻtkazib yubordi. Uni tanaffusdan keyin almashtirib yuborganingiz aynan oʻtkazilgan gollar bilan bogʻliqmi?

- Gap bunda emas. Futbolchi ancha muddat oʻynamagandi. Mashgʻulotlardagi harakatlari davomida u ancha yaxshi formadaligi koʻringandi. Murabbiylar shtabi bilan kelishib, uni maydonga tushirishga qaror qilgandik. Vaziyat shunday boʻldiki, 45 daqiqa ichida uchta toʻp oʻtkazib yuborganidan keyin biz Muhammajonovni maydonga tushirishga qaror qildik. Oʻylaymanki, toʻgʻri qildik. Darvozabon uchun bir taymda uchta toʻp oʻtkazib yuborish yaxshi emas. Shu bois oʻzgarish qilishga harakat qildik.

- Vladimir Bubanya nega maydonga tushmadi?

- Nafaqat Bubanya, bundan tashqari oʻtgan safar maydondan chetlatilgan Abbos Otaxonov ham oʻyinni oʻtkazib yubordi. Bubanya haqida toʻxtaladigan boʻlsam, u oʻzini yomon his qildi. Bir qancha eski jarohatlar oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Shu sababli 100 foizli oʻyinni koʻrsata olmasdi. Hatto, oʻyin qaydnomasiga kiritilmagan oʻyinchilar ham bor. Jamoamizni keyingi oʻyinlarga tayyorlash asosiy vazifamiz hisoblanadi. Ayniqsa, jamoani pley-offga tayyorlash asosiy vazifamiz. Boshqalarga ham imkoniyat berishimiz kerak. Agar oʻyinchi oʻzini yomon his qilsa, uchrashuv muhim boʻlsa ham maydonga tushmaydi. Mavsum tugayapti, buni tushunish lozim. Baʼzida charchoq alomatlari ham boʻladi. Buni natijasida oʻyinchi jarohat oladi.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting