Hakamlar texnik qo‘mitasi Valverdega berilgan qizil kartochkani to‘g‘ri deb topdi
Ispaniya hakamlar texnik qo‘mitasi (CTA) La Liganing 29-turi doirasidagi «Real Madrid» — «Atletiko» (3:2) uchrashuvida bosh hakam Xose Munuera Montero tomonidan madridliklar yarimhimoyachisi Federiko Valverdega ko‘rsatilgan qizil kartochkani qo‘llab-quvvatladi.
Urugvaylik futbolchi o‘yinning 77-daqiqasida raqib hujumchisi Aleks Baenaning oyog‘iga orqa tomondan zarba bergani uchun maydondan chetlatilgan edi.
«Hakam ushbu harakatni to‘p uchun kurashish imkoniyati bo‘lmagan vaziyatda raqibga ortiqcha kuch ishlatgan holda zarba berish deb baholadi va futbolchini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka bilan jazoladi.
VAR xonasidagi hakamlar vaziyatni turli burchaklardan va turli tezliklarda ko‘rib chiqib, to‘qnashuv nuqtasi, harakat xarakteri va zarba kuchi qoidabuzarlikning jiddiyligiga mos kelishini tasdiqlashdi.
Maydonda qabul qilingan qarorda yaqqol xato yo‘qligini inobatga olib, ular jarayonga aralashmaslikka qaror qilishdi. CTA nuqtai nazaridan, ham maydonda, ham VAR xonasida qabul qilingan qarorlar to‘g‘ri edi», — deyiladi qo‘mitaning Marca nashri tomonidan keltirilgan bayonotida.