Hakamlar qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Hakamlar qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilish davomida hakamlikni rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar hamda Superliga va Proliga uchrashuvlari davomida hakamlar faoliyati bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.
Kun tartibidagi birinchi masala:
Hakamlikni rivojlantirish yoʻnalishida OʻzFHM tasarrufida tashkil etilgan Hakamlar akademiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish, jumladan, nazariy va amaliy mashgʻulotlarni sifatli tashkil etish, yosh hakamlar uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularning oʻz ustida ishlashi uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash, respublika musobaqalari davomida mahorat va tajriba orttirishlariga koʻmaklashish, shuningdek, chet tillarini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratish masalalari qayd etildi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala:
Superliga uchrashuvlari davomida ayrim hakamlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan xatoliklar tahlil qilindi.
Xususan, Superliga 5-turi doirasidagi “Surxon” – “Buxoro” uchrashuvi bosh hakami Firdavs Norsafarov oʻyin qoidalarini bir xil mezonda qoʻllamaganligi, 6-turi doirasidagi “Andijon” – “Navbahor” uchrashuvi bosh hakami Nayim Qosimov tomonidan “Andijon” jamoasi bosh murabbiyiga nisbatan yetarli darajada qatʼiy choralar koʻrilmagani, shuningdek, 6-turda “Qoʻqon-1912” – “Nasaf” uchrashuvida bosh hakam Rustam Lutfullin va VAR hakami Ibrohim Ismoilov tomonidan qoʻpol xatoliklarga yoʻl qoʻyilgani qayd etildi.
Hakamlar qoʻmitasi qaroriga koʻra, aniqlangan kamchiliklar uchun Nayim Qosimov va Firdavs Norsafarov ogohlantirildi.
“Qoʻqon-1912” – “Nasaf” bahsini boshqarib borgan bosh hakam Rustam Lutfullin hamda VAR hakami Ibrohim Ismoilov yoʻl qoʻygan xatolari uchun Superliga, Proliga va Oʻzbekiston kubogi bahslaridan birinchi davra yakuniga qadar chetlashtirildi. Shuningdek, har ikki hakam Birinchi ligaga tushirildi.