locale OZ

Hakamlar markaziga soʻnggi murojaat yoxud «Dinamo» PFK OʻzPFL va MTRKdan xizmat tekshiruvi oʻtkazishni soʻraydi

“Dinamo” PFKda savollar va turli shubhalar paydo boʻlmoqda.
Hakamlar markaziga soʻnggi murojaat yoxud «Dinamo» PFK OʻzPFL va MTRKdan xizmat tekshiruvi oʻtkazishni soʻraydi
Фото: Динамо ПФК

«Dinamo» ishtirokidagi oʻyinlarda hakamlik boʻyicha hali avvalgi bahsli vaziyatlarga javob topilmay, hattoki FIFA hakamlari futbolchilarimizga nisbatan yaqqol qoʻpollikni koʻra turib, koʻrmaslikka olishmoqda.

Siz koʻrayotgan bu qoʻpollik kuni kecha oʻtgan “Navbahor” – “Dinamo” (3:2) oʻyinida roʻy berdi va bu vaziyat takrori negadir translyatsiyada batafsil efirga uzatilmadi. Namangandagi oʻyinni boshqargan hakam Doston Rahmonov koʻz oʻngidagi yaqqol qoʻpollikni koʻrmadi yoki koʻrishni istamadi. VAR hakami sifatida ishlagan, mundialda ishtirok etib qaytgan Ilgiz Tantashyev ham oʻyin qoidasi yaqqol buzilgan vaziyatni koʻra turib, koʻrmaslikka oldi. Aks holda u bosh hakamni monitor qarshisiga chaqirib, “Navbahor” oʻyinchisi maydondan chetlatilardi.

“Navbahor” – “Dinamo” uchrashuvining 30-daqiqasida, Samarqand jamoasi 2:1 hisobida oldinda borayotganda hakamlar futbol va uning qoidalariga yana xiyonat qilishdi.

Namanganliklar legioneri Benjamin Teydi dastlab Azizbek Amonovni qoʻpollik bilan yiqitdi, bosh hakam indamagach esa, ochiqchasiga hujumchimiz oyogʻining himoyalanmagan qismini bosdi. Zamonaviy futbolda VARda vaziyatni takror koʻrib, chetlatish muqarrar boʻlganda afrikalik futbolchi nega bu jirkanch harakatni amalga oshirdi?

Aytaylik, “Dinamo”ning “Surxon”ga qarshi oʻyinida oddiy vaziyatdagi ehtiyotsizlik uchun jamoamiz aʼzosi Amadu Dumbuya maydondan chetlatilib, 3 oʻyinga diskvalifikatsiya va 10 mln soʻm jarimaga tortildi. Teydining ataylab qilgan zoʻravonligi esa hatto sariq kartochkaga ham loyiq koʻrilmadi. Oʻzbek futbolidagi bu ikkiyuzlamachilikka qachon barham beriladi?

Oʻtgan mavsum aynan Tantashyev janoblari Jizzaxda 90+12-daqiqada “Dinamo” darvozasiga penalti oʻylab topgan va “Soʻgʻdiyona” bilan bahsda gʻalaba qoʻldan chiqarilgandi. Jamoamiz shikoyatidan keyin Ilgiz Tantashyevning qoʻpol xatosi tan olingan va uzr soʻralgan boʻlsa-da, yakunda oʻsha qimmatli 2 ochko “Dinamo”ni OChL yoʻllanmasidan mahrum qildi. Oradan bir yil oʻtib – 25 avgust kuni Samarqandda “Dinamo” – “Paxtakor” bahsini boshqargan Tantashyev bu safar Firdavs Abdurahmonovning golini inobatga olmadi. Mashhur hakamimizning “Dinamo”ga nisbatan qanday adovati borki, har oʻyinda bu nohaqlik davom etaveradi?

Uzoqqa bormaymiz, ikki tur avval Qoʻqondagi shudgor maydonda oʻtgan bahsda VAR hakami Jasur Muxtorov yaqqol penalti beriladigan vaziyatda bosh hakamni monitor qarshisiga chaqirmadi. “Dinamo”ning har qancha videofaktlariga qaramay, Maʼmur Saidqosimov rahbarligidagi Oʻzbekiston Hakamlar markazi loaqal munosabat bildirishni ham oʻziga ep koʻrmadi. Oʻzini hurmat qilgan tashkilot oʻz shaʼniga nisbatan tanqidlarni shunchaki oson hazm qilolmasdi. Bu tashkilot qachongacha adolatsizlikni koʻra turib jim turmoqchi?

“Dinamo” futbol klubi navbatdagi va ehtimol, soʻnggi marta Oʻzbekiston Hakamlar markaziga yuzlanib, “Navbahor” bilan oʻyindagi yaqqol qoʻpollik boʻyicha ekspert hakamlarning rasmiy xulosasini soʻraydi. Hakamlar Doston Rahmonov va Ilgiz Tantashyevni Namanganda Teydiga qizil kartochka koʻrsatishga nima yoki kim toʻsqinlik qildi? Ochiq javob berish vaqti kelmadimi, janoblar?

Afsuski, hakamlar “ichkarida” vaziyatni xaspoʻshlashga urinayotgan bir paytda, ushbu epizodning TV-translyatsiya paytida nega ommaga batafsil, takroran koʻrsatilmagani ham “Dinamo” PFKda savollar va turli shubhalarni paydo qilmoqda.

“Dinamo” PFK oʻyinlarni ochiq, vaziyatlarni shaffof yoritishga masʼul boʻlgan OʻzPFL va MTRKdan bu borada xizmat tekshiruvi oʻtkazishni soʻraydi. Har holda PFL tomonidan vodiydagi oʻyinlar uchun sotib olingan koʻchma televizion stansiya vodiy klublari manfaatiga xizmat qilishi emas, aynan mana shunday vaziyatlarni xolis baholab, adolatli qaror chiqarish uchun xizmat qilmogʻi kerak.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting