Hakamlar akademiyasining oxirgi o‘quv moduli boshlandi
Ma’lumki, ilk bor O‘zbekistonda tashkil etilgan Hakamlar akademiyasi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Akademiyaning dastlabki tinglovchilari yil yakunida o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikatga ega bo‘lishadi.
Hozirda akademiya o‘quvchilari Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan O‘FA birinchiligi musobaqasining U-16 yosh toifasidagi bahslarida faoliyat olib bormoqda. Ularning maydondagi harakatlari va boshqaruv jarayoni tajribali instruktorlar — Bobur Haydarov, Valentin Kovalenko, Aleksandr Popov, Baxtiyor Tagayev, Viktor Serazitdinov va Baxtiyor Namozov tomonidan muntazam kuzatib borilmoqda.
Bahslardan so‘ng yosh hakamlar ishtirokida o‘yinlarga bag‘ishlangan batafsil tahlil jarayonlari ham tashkil etilmoqda. Bu jarayon ularning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim o‘rin egallaydi.
Shuningdek, yosh hakamlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ular O‘FA va Hakamlar markazi tomonidan yotoqxona hamda sifatli oziq-ovqat bilan to‘liq ta’minlanmoqda.