Gyokeresh ketma-ket 19 ta penaltini aniq amalga oshirdi
Kecha, 20 dekabr kuni Angliya Premyer-ligasining 17-turi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Londonning «Arsenal» klubi «Everton» ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdagi yagona golni penaltidan hujumchi Viktor Gyokeresh kiritdi. Shu tariqa shvetsiyalik forvard 11 metrlik zarbalarni aniq amalga oshirish borasidagi muvaffaqiyatli seriyasini davom ettirdi.
2023/2024 mavsumida Portugaliyaning «Sporting» klubi safida debyut qilganidan buyon Gyokeresh barcha 19 ta penalti zarbasini bexato ijro etgan.
2025 yil iyul oyida «Sporting»dan «Arsenal»ga ko‘chib o‘tgan shvetsiyalik hujumchi yangi jamoasi safida hozirgacha yettita gol muallifiga aylangan.
Ayni paytda u joriy mavsumda beshta gol bilan «kanonirlar»ning Premyer-ligadagi eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 70 million yevroni tashkil etadi.