Gvardiolaning Italiya terma jamoasiga o‘tishiga maosh masalasi to‘sqinlik qilmoqda
Ispaniyalik mutaxassis Xosep Gvardiolaning Italiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanishi borasidagi muzokaralarda asosiy muammo maosh bo‘yicha kelishmovchilik bo‘lib turibdi. Bu haqida La Gazzetta dello Sport xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) Gvardiolani terma jamoaga olib kelishdan manfaatdor. Federatsiya rahbari Jovanni Malago bu maqsad yo‘lida katta moliyaviy xarajatlarga ham tayyor ekanini yashirmagan.
Biroq tomonlar hozircha moliyaviy shartlar bo‘yicha murosa topa olmayapti. FIGC Gvardiolaga yiliga 10 million yevro maosh taklif qilgan bo‘lsa, ispaniyalik murabbiy taxminan 20 million yevro atrofida maosh olishni istamoqda.
Shuningdek, qaror qabul qilishda shaxsiy omil ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Gvardiola oilasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni xohlamoqda va manbalarning ta’kidlashicha, yaqinlari bu qarorni qo‘llab-quvvatlamasa, u Italiya terma jamoasini qabul qilishi ehtimoli juda past.
Agar Gvardiola bilan kelishuvga erishilmasa, Italiya futbol federatsiyasi boshqa nomzodlarga yuzlanadi. Ro‘yxatdan Andrea Pirlo, Roberto Manchini va Antonio Konte o‘rin olgan.