Gvardiola «Real»ga qarshi qur’a haqida: «Eng yaxshilarga qarshi o‘yin bizni kuchliroq qiladi»
«Manchester Siti» jamoasi Chempionlar Ligasining 1/8 final bosqichida Madridning «Real» klubi bilan to‘qnash keladigan bo‘ldi. Shu tariqa, ushbu jamoalar ketma-ket beshinchi mavsum YChL pley-off bosqichida o‘zaro uchrashishadi.
«Shaharliklar» bosh murabbiyi Pep Gvardiola navbatdagi «final oldidan final» haqida o‘z munosabatini quyidagicha bildirdi:
«Yana «Real» bilan to‘qnashuvmi? Klubimiz shunday hisoblaydiki, ushbu turnir tarixidagi eng yaxshi jamoalarga qarshi qancha ko‘p o‘ynasang, shuncha ko‘p o‘rganasan va raqobatlashasan. Bu esa seni yanada kuchliroq qiladi», — dedi Gvardiola jurnalistlar bilan suhbatda.
Ma’lumot uchun, «Manchester Siti» va «Real» Yevropaning eng nufuzli turnirida shu vaqtga qadar 15 marta to‘qnash kelishgan bo‘lib, ushbu o‘yinlarning 12 tasi aynan pley-off bosqichiga to‘g‘ri keladi.
Ushbu qarama-qarshilikdagi dastlabki uchrashuv Madridda, javob o‘yini esa Manchesterda bo‘lib o‘tadi.