Gvardiola murabbiylik faoliyatida ilk bor «Liverpul»ni ketma-ket uchta oʻyinda magʻlub etdi
Kecha, 4 aprel kuni Angliya Kubogining chorak final bosqichi doirasida «Etihad» stadionida turning markaziy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda «Manchester Siti» hamda «Liverpul» jamoalari o‘zaro kuch sinashishdi.
Mezbonlar o‘yin davomida yaqqol ustunlik namoyish etib, mersisaydliklar darvozasiga javobsiz 4 ta gol urishdi. Mazkur g‘alaba orqali «shaharliklar» joriy mavsum hisobidan «Liverpul» ustidan ketma-ket uchinchi g‘alabasini tantana qilishdi.
Eslatib o‘tamiz, jamoalar Premyer-liga doirasidagi ikkala bahsda ham to‘qnash kelishgan bo‘lib, ularda «Siti» 2:1 va 3:0 hisoblarida zafar quchgan edi.
Ushbu natija «Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola faoliyatida ilk bor kuzatildi. Mutaxassis murabbiylik faoliyati davomida ilk bor «Liverpul» ustidan barcha musobaqalarni inobatga olgan holda ketma-ket uchta o‘yinda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi.
Maʼlumot uchun, «Manchester Siti» navbatdagi rasmiy uchrashuvini Angliya Premyer-ligasi doirasida o‘tkazadi. Jamoa 12 aprel kuni safarda Londonning «Chelsi» klubi mehmoni bo‘ladi.