Gvardiola: «Men barcha rekordlarni yangilamoqchi edim va bunga erishdim»
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola Angliya Kubogining 1/8 finali doirasida «Nyukasl»ga qarshi bahsda (1:3) olgan sariq kartochkasi va buning ortidan belgilangan ikki o‘yinlik diskvalifikatsiya haqida kinoya bilan fikr bildirdi. Bu mutaxassisning joriy mavsumdagi oltinchi ogohlantirishi bo‘ldi.
Jurnalist Saymon Baykovskining o‘z ijtimoiy tarmoq sahifasida ma’lum qilishicha, ispaniyalik murabbiy vaziyatga xotirjam va hazilomuz yondashgan:
«Men o‘z jamoamni doimo himoya qilaman. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, biz ushbu mamlakatdagi barcha rekordlarni yangiladik, endi esa murabbiylar orasida sariq kartochkalar soni bo‘yicha ham rekordga erishdik. Men barcha rekordlarni yangilashni istagan edim va bunga erishdim. Oldinda ikki o‘yinlik diskvalifikatsiya, endi esa bir oz dam olaman», — dedi Gvardiola.
Eslatib o‘tamiz, «Manchester Siti» ustozi ushbu jazo tufayli APL doirasidagi «Vest Hem»ga qarshi bahsni va Angliya Kubogining chorak final uchrashuvini o‘tkazib yuboradi.