Gvardiola: «Mavsumning hal qiluvchi palllasida o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazishdan ma’no yo‘q»
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola navbatdagi xalqaro tanaffus mutlaqo foydasiz ekanligini ta’kidladi.
Ushbu xalqaro tanaffus davomida JCH-2026ning so‘nggi ishtirokchilari aniqlangan bo‘lsa-da, aksariyat terma jamoalar faqat o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishdi. Gvardiolaning fikricha, klublar o‘rtasidagi mavsum o‘zining yakuniy va eng qizg‘in pallasiga kirgan bir vaqtda, bunday tanaffuslarni tashkil etish o‘zini oqlamaydi.
«Sakkiz-to‘qqiz oy davomida har uch kunda sovrinlar uchun kurashib, so‘ngra o‘rtoqlik o‘yinlari uchun barcha qit’alardan futbolchilarni yig‘ishni tushunish men uchun hali ham juda qiyin. Agar gap saralash bahslari haqida ketsa, bu boshqa masala, ammo o‘rtoqlik o‘yinlarining nima keragi bor? Jarohat olish xavfi juda yuqori va buning haqiqatda hech qanday ma’nosi yo‘q», — dedi Gvardiola.