Gvardiola «Man Siti»ni tark etgach, uning oʻrnini kim egallashi maʼlum boʻldi
Topskills Sports UK insayderlarining xabar berishicha, joriy mavsum yakunida Pep Gvardiola lavozimini tark etgach, «Manchester Siti» boshqaruvini Enzo Mareska o‘z qo‘liga oladi.
«Shaharliklar» rahbariyati italiyalik mutaxassis uchun besh yillik shartnoma tayyorlab qo‘yishgan. Ushbu kelishuv ispaniyalik mutaxassisning faoliyati yakunlanishi bilan imzolanishi rejalashtirilgan. Ma’lum qilinishicha, aynan Gvardiolaning shaxsan o‘zi Mareskani klub rahbariyatiga tavsiya qilgan va uni o‘ziga munosib voris deb hisoblamoqda.
Avvalroq, «Chelsi»ning sobiq ustozi Enzo Mareska London klubini tark etganidan so‘ng o‘ziga to‘lanishi kerak bo‘lgan tovon pulidan voz kechishga qaror qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Yaqinda taniqli insayder Fabritsio Romano ham Mareskaning «Siti» uchun birinchi raqamli nomzod ekanligini tasdiqladi. Gvardiolaning amaldagi shartnomasi kelasi mavsum oxirigacha amal qilsa-da, OAVda uning joriy yozdayoq ketish ehtimoli yuqori ekanligi aytilmoqda.