Gvardiola «Man Siti»ni tark etgach Jahon chempionatida gʻolib boʻlmoqchi
«Manchester Siti» ustozi Pep Gvardiola joriy mavsum yakunida o‘z lavozimini tark etishi mumkin. The Touchline nashrining xabar berishicha, ispaniyalik mutaxassisning klub darajasidagi faoliyatidan so‘ng faqat bitta ushalmagan orzusi qolgan — u ham bo‘lsa Jahon chempionligini qo‘lga kiritish.
Gvardiola hozircha biror aniq milliy terma jamoani tanlamagan, biroq u xalqaro maydonda yuqori cho‘qqilar uchun kurasha oladigan jamoani boshqarishga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, Pep 2016 yildan buyon «shaharliklar»ni boshqarib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida uning qo‘l ostida klub 18 ta sovrin, jumladan, 6 marta Angliya chempionligi va Chempionlar Ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Maʼlumot uchun, ispaniyalik mutaxassisning «Manchester Siti» bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozida yakuniga yetadi.