Gvardiola: «Chempionlar Ligasisiz biz tetikroq koʻrinyapmiz»
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola Premyer-liganing 32-turida «Chelsi» ustidan qozonilgan ishonchli g‘alabadan (3:0) so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
«Ikkinchi bo‘lim biz uchun yaxshiroq chiqdi. Birinchi bo‘lim ham yomon bo‘lmadi, biroq biz rejalashtirganimizdek o‘yin ko‘rsata olmadik. Chap qanot orqali bir nechta hujumlar tashkil etdik, ammo o‘ng qanotda deyarli xavf yarata olmadik.
O‘ng qanotdagi Jeremi Doku — kuchli hujumkor o‘yinchi. Rayan Sherki esa ba’zida Donnarummaga juda yaqin joylashib oldi. Bunday iqtidor egasidan hujumning yakuniy uchdan bir qismida — Holand va qanot vakillari bilan yonma-yon pozitsiyalarda foydalanish kerak. Biz to‘pni unga yetkazib beramiz. Rayan hali juda yosh va APLdagi debyut mavsumini o‘tkazmoqda. U hozirning o‘zidayoq istiqbolli o‘yinchi, lekin yanada yaxshilanishga intilmoqda.
Chempionlar Ligasiz biz tetikroq ko‘rinyapmiz. Hamma o‘z vazifasini biladi. So‘nggi uchta o‘yinda YCHLda ishtirok etayotgan jamoalarga qarshi maydonga tushdik. Bu bahslarning barchasida 90 daqiqa davomida ideal o‘ynadik deya olmayman, lekin yetarlicha ishonchli harakat qildik va xavfli vaziyatlar yarata oldik», — deya Gvardiolaning so‘zlarini keltirmoqda NBC Sports.
Ayni damda «shaharliklar» 64 ochko bilan ikkinchi pog‘onada bormoqda va bitta zaxira o‘yiniga ega holda «Arsenal»dan (70) olti ochko ortda qolmoqda. «Ko‘klar» esa 48 ochko bilan APL turnir jadvalida oltinchi o‘rinni egallab turibdi.