Gvardiola Chempionlar Ligasida tarixiy antirekord oʻrnatdi
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola Chempionlar Ligasining 1/8 final bosqichida Madridning «Real» klubiga qarshi kechgan javob uchrashuvidan so‘ng (1:2) musobaqa tarixidagi noxush antirekordni o‘rnatdi. «Shaharliklar» ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 1:5 hisobida imkoniyatni boy berib, turnirni tark etishdi.
Madrid Zone nashrining xabar berishicha, Gvardiola Chempionlar Ligasi tarixida ketma-ket uch mavsum davomida aynan bir jamoadan mag‘lub bo‘lib, musobaqadan chiqib ketgan ilk murabbiyga aylandi.
«Manchester Siti» bundan avvalgi 2024/2025 yilgi mavsumning pley-off bosqichida (umumiy hisob 2:3) va 2023/2024 yilgi mavsumning chorak finalida (4:4, penaltilar seriyasi bo‘yicha 3:4) ham aynan Madrid klubiga imkoniyatni boy bergan edi.
Shuningdek, Gvardiola shogirdlari so‘nggi besh mavsumning to‘rttasida Chempionlar Ligasining pley-off bosqichida aynan «Real» Madrid to‘sig‘idan o‘ta olmaganliklari qayd etilgan.