Gvardiola: «Bizga futbolchilar yetishmayapti»
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola «Chelsi»ga qarshi APLning 20-tur uchrashuvida (1:1) Yoshko Gvardiol va Ruben Diash jarohat olib, o‘yinni oxirigacha davom ettira olmaganidan so‘ng jamoaning kadrlar bilan bog‘liq holati haqida fikr bildirdi.
«Albatta, men xavotirdaman. Bugungi o‘yinda zaxira o‘rindig‘imizga e’tibor berdingizmi? U yerda akademiyadan chiqqan to‘rt nafar futbolchi bor edi va yaqin vaqtda ularning soni yana ko‘payishi mumkin. Chunki bizda shunchaki futbolchilar yetishmayapti.
Jarohatlar soni juda ko‘p. Jon Stouns bir necha oydan beri maydonga tushmayapti. Endi Ruben safdan chiqdi, Yoshko ham jarohat oldi. Natan Ake ham, hammaga ma’lum, doimiy ravishda o‘ynay olmayapti. Vaziyat shunday. Biz bardoshli bo‘lishimiz va yechim topishimiz kerak. Jamoaviy ruhimiz bor va u yo‘qolmaydi.
Gvardiol masalasiga kelsak, yakuniy ma’lumot keyinroq bo‘ladi, ammo hozircha vaziyat unchalik ijobiy ko‘rinmayapti. Ruben bilan bog‘liq holat ham keyinroq aniq bo‘ladi. Men hali shifokor bilan gaplashmadim, biroq agar Diash o‘yinni davom ettira olmagan bo‘lsa, demak u noqulaylikni his qilgan», — deya Gvardiolaning so‘zlarini keltiradi ESPN.
20 turdan so‘ng «Manchester Siti» Angliya Premer-ligasi jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Jamoa yetakchi «Arsenal»dan 6 ochko ortda. Ertaga, APLning 21-turi doirasida «shaharliklar» o‘z maydonida «Bornmut»ni qabul qiladi.