Gvardiola APL rekordini o‘rnatgan Jeyms Milnerni tabrikladi
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola Angliya Premyer-ligasining 27-turi doirasidagi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida «Brayton» yarimhimoyachisi Jeyms Milnerni turnir rekordi bilan qutladi.
«Gap boshlashdan avval, «Manchester Siti» nomidan Jeyms Milnerga bir necha so‘z aytishga ijozat bering. Bugun u aql bovar qilmas natijaga erishdi — u Premyer-liga tarixida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchiga aylandi. Bu shunchaki daxshatli ko‘rsatkich, uning oldida shlyapamni yechaman! Bu barqarorlik va o‘yinga bo‘lgan cheksiz muhabbat namunasidir. Uning ajoyib golfchi ekanidan xabarim bor, ammo futbolda amalga oshirgan ishlari hayratlanarli. Shuning uchun, Jeyms, vaqtida jamoamizda to‘p tepganingni inobatga olib, butun «Manchester Siti» nomidan seni tabriklayman!» — dedi Gvardiola.
40 yoshli Milner «Brentford»ga qarshi bahsda asosiy tarkibda maydonga tushdi. Ushbu uchrashuv Jeyms uchun Angliya chempionatidagi 654-o‘yin bo‘ldi. Shu tariqa, u afsonaviy Garet Barrini (653 o‘yin) ortda qoldirib, mutlaq rekordchiga aylandi.
APLda eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar kuchli beshligi:
- Jeyms Milner — 654
- Garet Barri — 653
- Rayan Giggz — 632
- Frenk Lempard — 609
- Devid Jeyms — 572
Ma’lumot uchun, Milner faoliyati davomida eng ko‘p o‘yinni «Liverpul» safida (230) o‘tkazgan. Shuningdek, u «Lids», «Nyukasl», «Aston Villa» va «Manchester Siti» kabi klublar sharafini himoya qilgan.