Gvardiola: «Agar ochko yo‘qotsak, barchasi tugaydi»
«Manchester Siti» klubi bosh murabbiyi Pep Gvardiola Angliya Premyer-ligasining 30-turi doirasida «Vest Hem»ga qarshi o‘tkaziladigan o‘yin oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Oldinda bizni «Vest Hem» bilan uchrashuv kutib turibdi. Premyer-liga — qo‘lga kiritilishi eng murakkab sovrin. Biz hali ham kurashni davom ettirmoqdamiz, biroq ochko yo‘qotish chempionlik umidlarini butunlay uzib qo‘yishini yaxshi tushunamiz. Men doimo aytganimdek, so‘nggi 10 ta turga kirib kelganimizda, har bir jamoa o‘z maqsadlari — jon saqlash, Yevrokuboklar yo‘llanmasi yoki chempionlik uchun jiddiy kurash olib boradi. Har bir o‘yin hal qiluvchi ahamiyatga ega va endi ikkinchi imkoniyat bo‘lmaydi», — dedi Gvardiola.
«Manchester Siti» va «Vest Hem» jamoalari o‘rtasidagi 30-tur uchrashuvi 14 mart, shanba kuni «London» stadionida bo‘lib o‘tadi. Ayni damda 29 ta turdan so‘ng 60 ochko jamg‘argan «shaharliklar» turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda va peshqadam «Arsenal»dan 7 ochko ortda qolmoqda. Ta’kidlash joizki, Gvardiola shogirdlarining zaxirasida bitta o‘yin mavjud.