Gvardiola: «10 yil oldin toʻgʻri tanlov qilgan ekanman»
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola Angliya Premyer-ligasi doirasida «Byornli» ustidan qozonilgan g‘alabadan (1:0) so‘ng, «Chelsi» ustozi Liam Rosenyorning iste’fosi haqida o‘z fikrini bildirdi.
«Buni eshitish men uchun og‘riqli. Uning yuqori saviyali murabbiy ekanligiga ishonchim komil. Har safar shunday voqealar sodir bo‘lganda, ushbu klubda faoliyat yuritayotganimdan qanchalik omadim chopganini qayta va qayta o‘ylayman. 10 yil oldin kuchli rahbariyat, yaxshi bosh va sport direktorlariga ega tashkilotga kelib, to‘g‘ri tanlov qilgan ekanman. Hamkorlik qilayotgan insonlarimning ishonchi va barqarorlik meni doim hayratda qoldiradi. Mening baxtim kulib boqqan», — dedi Gvardiola.
Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni «Chelsi» Liam Rosenyorning iste’fosini e’lon qildi. Angliyalik mutaxassis London klubiga yanvar oyida «Strasburg»dan kelgan bo‘lib, tomonlar o‘rtasidagi shartnoma 2032 yilgacha mo‘ljallangan edi.