locale OZ

G'ulomHaydar Gulyamov: Jamoaga kirishib ketishda hech qanday muammo bo'lgani yo'q

Qo'qonliklar safiga kelib qo'shilgan tajribali yarim himoyachi G'ulomHaydar Gulyamov "Qo'qon-1912" klubi matbuot xizmatiga qisqa intervyu berdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
G'ulomHaydar Gulyamov: Jamoaga kirishib ketishda hech qanday muammo bo'lgani yo'q
photo: Qo'qon-1912

Qo'qonliklar safiga kelib qo'shilgan tajribali yarim himoyachi G'ulomHaydar Gulyamov "Qo'qon-1912" klubi matbuot xizmatiga qisqa intervyu berdi.

- Birinchi navbatda, sizni jamoamizda ko'rib turganimizdan xursandman. O'zi "Qo'qon-1912" jamoasiga o'tishingiz qanday sodir bo'ldi?
- Katta rahmat! "Qo'qon-1912" jamoasi o'tgan mavsumdan beri meni jamoada ko'rish istagida ekanini ma'lum qilgandi. O'tgan yozda agar qishda jamoamni o'zgartiradigan bo'lsam, birinchi navbatda sizlar bilan muzokara olib boraman, deb va'da bergandim. Qishda o'zaro kelishdik va "Qo'qon-1912" jamoasi a'zosiga aylandim. Shuningdek, uch yildan beri Farg'onada bo'lganim sababli oilam ham bu yerga ancha o'rganib qolgandi.

- 1 oydan beri "Qoʻqon-1912" mashg'ulotlarida ishtirok etmoqdasiz. Jamoaga kirishib ketishda muammolar bo'lmadimi?
- Jamoaga kirishib ketishda hech qanday muammo bo'lgani yo'q. Bu yerdagi ko'plab futbolchilarni avvaldan yaxshi bilganman, ularning ko'pi bilan birgalikda boshqa jamoalarda to'p tepganman. Shuningdek, jamoa meni juda yaxshi kutib oldi.

- Yangi bosh murabbiyning mashg'ulotlari haqida nima deya olasiz? Jamoa allaqachon yangi taktik va sxemalar ustida ishlamoqda. Andrey Sergeyevich bilan ishlashda qiyinchiliklar yo'qmi?
- Andrey Sergeyevichni "Metallurg"da ishlab yurgan vaqtlaridan yaxshi taniyman. Ular meni o'sha vaqtda o'z jamoalariga taklif qilgandilar. Biroq men o'sha paytlari "Lokomotiv" futbolchisi edim. Taqdir taqazosi bilan mana endi "Qo'qon-1912" jamoasida birga ishlaydigan bo'ldik. Mashg'ulotlarga keladigan bo'lsak, juda qiziqarli o'tmoqda, taktik ishlanmalar bo'yicha esa murabbiyimizning o'zlari gapirganlari ma'qul bo'lsa kerak. Bizning vazifamiz mashg'ulotlarda to'liq kuch bilan harakat qilib, murabbiyning istayotgan narsalarini bajarish.

- Har bir futbolchini yangi mavsum oldidan o'z oldiga maqsadlar qo'yadi. G'ulomhaydar Gulyamovning yangi mavsum oldidan qanday maqsadlari bor?
- Bu yil jamoa bilan yaxshi darajada o'yin ko'rsatib, maksimal natijaga erishishni maqsad qilganman. Shuningdek, Kubok bahslarida ham ishonchli o'yin ko'rsatgan holda muxlislarni xursand qilmoqchimiz. Xudo xohlasa, faqatgina g'alaba uchun maydonga tushamiz va buning uchun to'liq kuch bilan harakat qilamiz.

- Vodiyda futbol — bu bayram. Muxlislar futbolni yaxshi ko'rishadi. Qo'qonlik muxlislarga mavsum oldidan nima degan bo'lardiz?
- Qo'qonda odamlar futbolni yaxshi ko'rishadi. Biz ularni g'alabalarimiz bilan xursand qilishga harakat qilamiz. Muxlislarimizdan bizni yaxshi va yomon kunlarimizda ham qo'llab turishlarini so'ragan bo'lardim. Biz esa ular doim xursand bo'lishlari uchun maydonda to'p tepamiz.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting