Grizmann AQSH chempionatida tarixiy rekord o‘rnatdi
Fransiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Antuan Grizmann AQSHning MLS chempionatida yangi tarixiy natijaga erishdi. “Orlando Siti” futbolchisi musobaqadagi dastlabki 13 ta uchrashuvining 11 tasida kamida bitta gol yoki golli uzatmani amalga oshirgan ilk o‘yinchiga aylandi. Bu haqda MLS rasmiy sayti xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Grizmann “Toronto”ga qarshi bahsda bitta gol urib, yana bitta golli uzatmani amalga oshirgan. Shu tariqa, fransiyalik futbolchi chempionatga kelganidan buyon yuqori natijadorligini saqlab kelmoqda.
Tajribali hujumchining muvaffaqiyatli o‘yinlari “Orlando Siti”ning turnir jadvalidagi mavqeiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Klub Grizmann gol urgan uchrashuvlarda hali biror marta mag‘lubiyatga uchramagan.
Ma’lumot uchun, 35 yoshli Grizmann MLSdagi dastlabki 13 ta uchrashuvida 10 ta gol urib, 6 ta golli uzatmani amalga oshirgan. “Orlando Siti” esa ayni paytda Sharqiy konferensiyada yettinchi o‘rinni egallab turibdi.