Grilish mavsum oxirigacha safdan chiqqan boʻlishi mumkin — Moyes
«Everton» bosh murabbiyi Devid Moyes jamoaning yetakchi vingeri Jek Grilishning jarohati borasida ko‘ngilsiz xabarni ma’lum qildi. Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, angliyalik yulduzning jarohati kutilganidan ancha jiddiy bo‘lib chiqishi mumkin.
«Bizningcha, Jek Grilishga operatsiya kerak bo‘ladi. Bu hozircha 100 foiz tasdiqlanmadi, ammo katta ehtimol bilan u mavsumning qolgan qismida bizga yordam bera olmaydi», — deya Moyesning so‘zlarini keltirmoqda klubning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasi.
Avvalroq tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Grilishga oyoq kafti suyagining zo‘riqish natijasidagi sinishi tashxisi qo‘yilgan edi. Eslatib o‘tamiz, Jek «Everton» safida «Manchester Siti»dan ijara asosida to‘p surmoqda va uning kelishuvi shu yilning yozida yakuniga yetadi.