Gordon Fabregas va Suaresning noyob natijasini takrorladi
“Barselona” hujumchisi Entoni Gordon La Ligadagi faoliyatini tarixiy ko‘rsatkich bilan boshladi. Angliyalik futbolchi Ispaniya chempionatidagi dastlabki to‘rtta uchrashuvida to‘rtta golli uzatma qayd etdi va XXI asrda bunday natijaga erishgan uchinchi futbolchiga aylandi.
Gordon navbatdagi assistini “Valensiya”ga qarshi safar uchrashuvida amalga oshirdi. “Barselona” 5:0 hisobida g‘alaba qozongan bahsda u Fermin Lopesning goliga uzatma berdi. Shu tariqa, 25 yoshli futbolchi La Ligadagi dastlabki to‘rt o‘yinining har birida golli pas berishga muvaffaq bo‘ldi.
XXI asrda La Ligadagi dastlabki to‘rtta uchrashuvida to‘rtta assist qayd etgan futbolchilar bungacha faqat Sesk Fabregas va Luis Suares edi. E’tiborli jihati, ularning har ikkisi ham bu natijaga “Barselona” safida erishgan. Gordon esa endi shu ro‘yxatga qo‘shildi va yangi klubidagi moslashuv jarayonini juda muvaffaqiyatli boshladi.