Glasner: «Birinchi kundanoq futbolchilarga tinimsiz mehnat qilinsa, hamma narsani iloji borligini aytganman»
"Kristal Pelas" bosh murabbiyi Oliver Glasner jamoasining 2025/2026 yilgi mavsum UEFA Konferensiyalar ligasi finalidagi g‘alabasi haqida fikr bildirdi. "Burgutlar" sovrin uchun kechgan bahsda "Rayo Valyekano"ni 1:0 minimal hisobda mag‘lub etdi.
"O‘yin biz kutganimizdek o‘tdi, lekin, menimcha, tanaffusdan so‘ng biz ajoyib 15 daqiqa o‘tkazdik. Yakunda himoyada ishonchli o‘ynadik. Bu o‘ziga xos oqshom — futbolchilar va muxlislar bunga loyiq.
O‘zimni shu jamoaning bir qismi deb hisoblayman. Murabbiy bir o‘zi hech narsaga erisha olmaydi. Kuchli shtab va eng avvalo sifatli futbolchilar kerak. Bizning jamoamiz shunday — ular hamjihat va ko‘p mehnat qilishadi. Birinchi kundanoq futbolchilarga, agar tinimsiz mehnat qilinsa, hamma narsaning iloji borligini aytganmiz", — deya Glasnerning so‘zlaridan iqtibos keltiradi BBC.
"Kristal Pelas" o‘z tarixida ilk bor Konferensiyalar ligasida g‘olib chiqdi va ushbu turnirda g‘alaba qozongan uchinchi ingliz jamoasiga aylandi.