locale OZ

Germaniyalik iqtisodchi JCh-2026 gʻolibini bashorat qildi

U avvalroq uchta jahon chempionini va toʻgʻri taxmin qilgan.
Futbol
Nasrullo Karimov
Nasrullo Karimov
Jurnalist
Germaniyalik iqtisodchi JCh-2026 gʻolibini bashorat qildi
FOTO: Getty Images

Nemis iqtisodchisi Yoaxim Klement 2026 yilgi Jahon chempionati g‘olibini prognoz qildi. Mutaxassisning fikricha, navbatdagi jahon birinchiligida Niderlandiya terma jamoasini muvaffaqiyat kutmoqda va ular finalda Portugaliya terma jamoasini mag‘lub etishadi. Qayd etish joizki, Klement bundan avval JCh-2014 (Germaniya), JCh-2018 (Fransiya) va JCh-2022 (Argentina) g‘oliblarini aniq topgan edi.

«Braziliyada Germaniya jahon chempioni bo‘lganida birinchi marta dahshatga tushgandim, chunki o‘shanda barcha ekspertlar shu paytgacha biron bir Yevropa jamoasi Janubiy Amerikada o‘tgan Jahon chempionatida g‘olib chiqmaganini ta’kidlashayotgandi.

Bu mutlaqo irratsional narsa. Bu xuddi lotereya o‘ynashga o‘xshaydi. Men doim aytamanki, agar kimdir mening keyingi jahon chempioni kim bo‘lishi haqidagi prognozimga tayanib pul tiksa, unga endi hech narsa yordam bera olmaydi.

Bu xuddi tanga tashlashdek gap. Tanga ketma-ket to‘rt marta raqam tomoni bilan tushishini taxmin qilishingiz mumkin va bu haqiqatan ham sodir bo‘lishi hech gap emas. Ammo bu keyingi safar ham xuddi shunday takrorlanishiga kafolat bermaydi», — deya Klementning so‘zlarini keltirmoqda Der Spiegel nashri.

Klementning modeli har bir mamlakatning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM (bu sport infratuzilmasiga ta’sir qiladi), aholi soni, futboldagi ijtimoiy maqom, terma jamoaning dunyo reytingidagi o‘rni kabi bir qator asosiy ko‘rsatkichlarni hamda «omad» omiliga tenglashtirilgan tasodifiylik elementini hisobga oladi.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting