locale OZ

Germaniya futbol ittifoqi rahbari Infantinoning maktubini qayta saylanish uchun qilingan harakat deb atadi

FIFA prezidentligi uchun navbatdagi saylov 2027-yil mart oyida Rabotda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Germaniya futbol ittifoqi rahbari Infantinoning maktubini qayta saylanish uchun qilingan harakat deb atadi
Foto: Getty Images

Germaniya futbol ittifoqi prezidenti Bernd Noyendorf FIFA rahbari Janni Infantinoning tashkilotga a’zo 211 assotsiatsiyaga yuborgan maktubiga munosabat bildirdi. Noyendorfning fikricha, FIFA boshqaruvida islohotlar o‘tkazishni taklif qilgan ushbu murojaat Infantinoning 2027-yilgi prezidentlik saylovida qayta saylanishiga xizmat qilishi mumkin. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, Infantino maktubida FIFAning muhim strategik qarorlarni qabul qilish tizimini mustaqil ravishda ko‘rib chiqish, shaffoflik va hisobdorlikni oshirish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazishni taklif qilgan. Bu tashabbus FIFAning tijoriy huquqlaridagi 20 foizlik ulushni xususiy investorlarga sotish rejasi keskin qarshilikka uchrab, bekor qilinganidan keyin ilgari surildi.

Noyendorf esa Infantinoning o‘zi bunday islohotlarga rahbarlik qilishi kerakligiga shubha bildirdi. “Men Janni Infantinoning maktubini kelasi yilgi qayta saylanishini ta’minlashga qaratilgan ochiq harakat deb bilaman”, — dedi DFB rahbari. U, shuningdek, FIFAda o‘zgarishlar zarurligi tan olinganini ijobiy baholagan, biroq Infantinoning ishonchni yo‘qotganini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, FIFA prezidentligi uchun navbatdagi saylov 2027-yil mart oyida Rabotda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. So‘nggi oylarda UEFA va ayrim milliy futbol assotsiatsiyalari FIFA boshqaruvida o‘zgarishlar zarurligini ochiq aytib kelmoqda.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting