Gavi: «Flik doim yonimda boʻldi, u menga xuddi otamdek g‘amxo‘rlik qildi»
Ispaniya La Ligasining 28-turidan o‘rin olgan «Barselona» va «Sevilya» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng, mezbonlar yarimhimoyachisi Gavi jamoa bosh murabbiyi Hans-Diter Flik haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Mazkur bahsda kataloniyaliklar 5:2 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
«Ochiqchasiga aytadigan bo‘lsam, bu davr men uchun juda og‘ir kechdi. Tiklanish jarayoni azobli bo‘lib, kun sayin qiyinlashib bordi. Bugun «Kamp Nou»da boshdan kechirgan tuyg‘ularim esa o‘zgachadir. Men juda baxtliman.
Flik har doim yonimda bo‘ldi, u menga xuddi otamdek g‘amxo‘rlik qildi. Meni doim qo‘llab-quvvatlagani va menga ishongani uchun undan minnatdorman. Uning jamoamizda yana uzoq vaqt qolishiga umid qilaman. Men bor kuchimni ushbu klub uchun sarflayman va buni butun umr davom ettiraman», — deya Gavining so‘zlarini keltiradi Marca nashri.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Gavi uchrashuvning 82-daqiqasida xet-trik qayd etgan Rafinyaning o‘rniga maydonga tushdi. 21 yoshli yarimhimoyachi o‘tgan yilning avgust oyida olgan jarohati sababli uzoq vaqt maydonga tusholmayotgan edi.