«Galatasaroy» Musiala transferi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
Turkiyaning "Galatasaroy" klubi "Bavariya" yarim himoyachisi Jamal Musialaning ehtimoliy transferi haqidagi xabarlarni rasmiy ravishda rad etdi.
Klub vakili Fanatik nashriga bergan izohida "Galatasaroy" Musiala yoki "Bavariya" bilan hech qanday kelishuvga erishmaganini ma'lum qildi.
"Klubimiz Jamal Musiala va 'Bavariya' bilan kelishuvga erishgani haqidagi ma'lumotlar haqiqatga to'g'ri kelmaydi. Bu haqida jamoatchilikka ma'lum qilamiz", — dedi "Galatasaroy" vakili.
Avvalroq bir qator OAV va insayderlar turk klubi Musialani o'z safiga qo'shib olish ustida ish olib borayotganini xabar qilgan edi.
Ularning ma'lumotiga ko'ra, 23 yoshli Germaniya terma jamoasi yarim himoyachisi "Galatasaroy"ga ijara asosida o'tishi mumkin edi. Biroq bu ma'lumot rasmiy tasdig'ini topmadi.