Gabriel Martinelli: «Sariq futbolkani kiyish — katta bosim, biroq ayni damda bu faxrli imtiyozdir»
Braziliya terma jamoasi va Londonning «Arsenal» klubi hujumchisi Gabriel Martinelli Jahon chempionatida milliy jamoa sharafini himoya qilish jarayonida qanday bosimni his etayotgani haqida gapirdi.
«Albatta, ushbu sariq futbolkani kiyganimizda, zimmamizga qanchalik katta bosim tushishini yaxshi anglaymiz. To‘g‘risini aytsam, bu libosni kiyishning o‘zi — ulkan imtiyoz. Mamlakatimiz, xalqimiz va oilamiz nomidan maydonga tushish — ajoyib tuyg‘u. Braziliya sharafini himoya qilayotganimizdan cheksiz faxrlanamiz. Biz zimmamizdagi bosimni ham, jamoamizda qanday saviyadagi futbolchilar yig‘ilganini ham bilamiz. Shuning uchun bor e’tiborimizni maydonga tushib, terma jamoa uchun o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishga qaratamiz», — deya Martinellining so‘zlarini X ijtimoiy tarmog‘idagi DailyAFC sahifasi keltirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 guruh bosqichining ortda qolgan ikki turidan so‘ng, Braziliya terma jamoasi 4 ochko jamg‘argan holda «C» guruhida birinchi o‘rinni egallab turibdi. «Pentakampeonlar» guruhdagi so‘nggi uchrashuvni 25-iyun kuni Shotlandiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazishadi.