Gabriel Jezusning “Barselona”ga transferi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi
“Barselona” va “Arsenal” braziliyalik hujumchi Gabriel Jezus transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Klublar bitimni yakunlash uchun zarur hujjatlarni almashib bo‘lgan. Bu haqda insayder Fabrizio Romano ma’lum qildi.
Kelishuvga ko‘ra, “Barselona” futbolchi uchun “Arsenal”ga 10 million yevro to‘laydi. Yana 4 million yevro bonuslar ko‘rinishida berilishi mumkin. Bundan tashqari, London klubi Jezusning kelajakdagi transferidan 20 foiz ulush oladi.
29 yoshli hujumchi 31-avgust kuni Barselonaga kelib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va shartnoma imzolashi kutilmoqda. Uning yangi kelishuvi 2028-yil iyunigacha mo‘ljallangan bo‘lib, uni uzaytirish imkoniyati ham mavjud.
Ma’lumot uchun, Gabriel Jezus 2022-yildan buyon “Arsenal” safida to‘p surib kelmoqda. U London klubi tarkibida barcha musobaqalarda 123 ta uchrashuv o‘tkazib, 32 ta gol va 22 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.