Fyullkrug «Milan»da tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun Italiyaga yetib keldi
«Vest Hem» hujumchisi Niklas Fyullkrug Italiyaga yetib keldi. Bugun futbolchi «Milan»ga o‘tishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Bu haqda jurnalist Janluka Di Marzio o‘zining rasmiy saytida xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, italiyaliklar londonliklar bilan 32 yoshli hujumchini mavsum oxirigacha ijara asosida olish borasida kelishuvga erishgan. Shartnomada keyinchalik to‘liq sotib olish opsiyasi ham mavjud. Kutilishicha, barcha rasmiy jarayonlar yaqin vaqt ichida yakunlanadi va germaniyalik futbolchi rasman «rossoneri» futbolchisiga aylanadi.
Joriy mavsumda Fyullkrug barcha musobaqalarda to‘qqizta uchrashuvda maydonga tushgan bo‘lib, hozircha samarali harakatlari bilan ajralib chiqmadi. Umumiy hisobda u maydonda 413 daqiqa harakat qilgan.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 8 mln yevroni tashkil etadi.