Futzal. Yoshlar terma jamoasi mashg‘ulotlarni davom ettirmoqda
Bugun Birinchi liga musobaqasida rasmiy dam olish kuni bo‘lsa-da, ishtirokchi jamoalar Jizzax futbol akademiyasi sport zalini tark etishmadi. Majmua rahbariyati bilan kelishilgan holda ular navbatma-navbat 2-tur uchrashuvlariga puxta hozirlik ko‘rishmoqda.
Ushbu jamoa — Bahrayn-2025 musobaqasida mamlakat sharafini himoya qilgan o‘smir futbolchilardan shakllangan bo‘lib, milliy terma jamoamiz uchun eng yaqin zaxirani tayyorlash vazifasini bajarmoqda.
Mashg‘ulotlar juda intensiv, bir vaqtning o‘zida qiziqarli va samarali tarzda kechdi. Yoshlar terma jamoasi o‘zlaridan ancha tajribali futzalchilarga qarshi bahs olib borayotgan bo‘lishiga qaramay, raqiblariga munosib qarshilik ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Aynan mana shunday o‘yinlar ularga katta tajriba beradi, mahoratlarini sayqallashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, yoshlar terma jamoasi murabbiylar shtabi Birinchi ligada ishtirok etayotgan barcha jamoalar tarkibidagi ehtimoliy iste’dodli futzalchilarni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, Birinchi liga musobaqasining 2-tur uchrashuvlari ertaga soat 13:00 da Futbol akademiyasi sport zalida start oladi. Majmuaga muxlislarning kirishi mutlaqo bepul.