Futzal. Yoshlar terma jamoamiz yangi mavsum oldidan yig‘inga kirishdi
Bugun O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasiga qarashli Terma jamoalar markazi sport zalida futzal bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining yangi mavsum oldidan ilk o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini boshlandi.
O‘tgan mavsumda mamlakat birinchiligi hamda O‘FF Prezidenti kubogi bahslarida ishtirok etgan, shuningdek, Oliy liga klublari safida o‘zlarini munosib namoyon etgan yosh futzalchilar ushbu yig‘inga jalb etildi.
Bosh murabbiy Nodir Eliboyev boshchiligidagi murabbiylar shtabi qo‘l ostida futzalchilar kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlarda ishtirok etishmoqda.
“Yoshlar bilan tez-tez yig‘inlar o‘tkazib turish ularning o‘yin amaliyotini saqlab qolish va jamoaviy bog‘lanmalarni mustahkamlash uchun juda zarur. ‘Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan muhr kabi mangu qoladi’, deb bejiz aytishmagan.
Hozir egallanayotgan futzal sir-asrorlari terma jamoamiz futbolchilarining mahoratini yanada sayqallab, kelgusida yuqori cho‘qqilarni zabt etishlariga xizmat qiladi. Zero, aynan mana shu yoshlar mamlakat milliy terma jamoasining ertangi kuni hisoblanadi.
Qolaversa, yil oxirida futzalchilarimizni bir qator mas’uliyatli musobaqalar kutib turibdi. Shu bois turli kombinatsiya va jamoaviy bog‘lanmalarni imkon borida mustahkamlab olishimiz kerak. Ertaga ular o‘z klublari ixtiyoriga qaytib, Oliy liga bahslariga tayyorgarlikni boshlashadi”, — deydi Nodir Eliboyev.
Mashg‘ulotlar jarayonida bosh murabbiyga Shuhrat Tojiboyev hamda Rustam Umarov yordam bermoqda.
Yig‘in 5-avgustga qadar davom etadi.