Futzal. Yoshlar tayyorgarlikni davom ettirishmoqda
Bu yilgi mavsumda ilk bor rasmiy musobaqalarda qatnashib, mahoratlarini sayqallab borayotgan O'zbekiston yoshlar terma jamoasi ayni kunlarda mamlakat birinchiligining so'nggi turiga qizg'in tayyorgarlik ko'rmoqda.
Konstantin Sviridov boshchiligidagi yoshlarimiz Birinchi ligaga nisbatan "O'FF Prezidenti kubogi" musobaqasida yorqinroq ishtirok etayotganini qayd etish lozim. Shu boisdan yigitlar Birinchi liganing yakuniy turida muxlislarini xursand etishga astoydil hozirlanishmoqda.
Ichki musobaqalarda to'planayotgan tajriba mavsum oxirida Yoshlar terma jamoamizga qo'l kelishi kerak. Zero, O'FF rahbariyati kuz faslida Saudiya Arabistonida bo'lib o'tadigan Yopiq inshootlardagi Osiyo o'yinlariga aynan mana shu yoshlarimizni yuborishni rejalashtirgan.