locale OZ

Futzal. Yangi mavsumga — yangi islohotlar bilan

Mamlakat futzali yangi mavsumga katta o’zgarishlar, tub yangilanishlar bilan qadam qo‘ymoqda.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Futzal. Yangi mavsumga — yangi islohotlar bilan
photo: UFF

Mamlakat futzali yangi mavsumga katta o’zgarishlar, tub yangilanishlar bilan qadam qo‘ymoqda. O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining joriy yil 8-iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida qabul qilingan qaror va topshiriqlar asosida 2026/2027-yilgi mavsumga tayyorgarlik ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Eng avvalo, Oliy liga ishtirokchisi bo‘lgan klublarda keng ko‘lamli tashkiliy islohotlar amalga oshirildi. Barcha klublar qayta tashkil etilib, alohida mustaqil yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ldi. Ular mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) shaklida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, mustaqil boshqaruv hamda moliyaviy faoliyat yuritish tizimiga o‘tdi.

Shuningdek, XXX milliy chempionatda ishtirok etadigan klublarning aksariyati o‘z nomlarini geografik joylashuvi, tarixiy an’analari va mahalliy hudud mentalitetidan kelib chiqib yangiladi. Yangi brend asosida klub logotiplari, ramzlari hamda tegishli hujjatlar qayta ishlab chiqilib, belgilangan tartibda tasdiqlanmoqda.

Klublarda zamonaviy boshqaruv tizimiga mos, namunaviy shtatlar jadvaliga muvofiq murabbiylar shtabi hamda ma`muriyat shakllantirilmoqda.

Yangi mavsum oldidan jamoalar tarkibini shakllantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Reglamentga muvofiq, Oliy liga klublari tarkibida kamida 18 nafar va ko‘pi bilan 25 nafar futzalchi ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. Shundan kamida uch nafari 2009-yil va undan keyin tug‘ilgan yosh futzalchilar bo‘lishi shart. Bundan tashqari, ushbu yosh toifasidagi futzalchilardan kamida bir nafari har bir uchrashuv qaydnomasiga kiritilishi hamda unga muntazam o‘yin amaliyoti berilishi nazorat qilinadi.

Tarkibni shakllantirishda yana bir muhim yangilik joriy etildi. Endilikda futzalchilar uch toifaga ajratiladi:

1-toifa — tajribali, yuqori mahorat va yetakchilik salohiyatiga ega futzalchilar.
2-toifa — milliy chempionatlarda katta tajriba orttirgan, yosh futzalchilarga o‘rnak bo‘la oladigan hamda jamoaning asosiy o‘zagini tashkil etuvchi futzalchilar.
3-toifa — 2009-yil va undan keyin tug‘ilgan, katta futzalga endi kirib kelayotgan, O'zbekiston yoshlar, o'smirlar terma jamoalariga nomzod istiqbolli va iqtidorli yoshlar.

Legionerlar masalasida ham yangi talablar joriy qilinmoqda. Klub safidan joy oladigan xorijlik futzalchilar o'z mahorati bilan mahalliy futzalchilardan ustun bo‘lishi, birinchi toifa darajasiga mos kelishi hamda jamoada sog‘lom raqobatni kuchaytirishga xizmat qilishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 10-iyuldan yozgi transfer oynasi rasman ochildi. Ayni paytda klublar yangi mavsum uchun tarkibni yakuniy shakllantirish, futzalchilar bilan shartnomalar tuzish hamda ularni O‘zbekiston futzal federatsiyasi Musobaqalarni tashkil etish va o‘tkazish departamenti tomonidan yuritilayotgan MY League platformasida ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarini faol davom ettirmoqda.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting