Futzal. Uchinchi davraning ilk turiga Jizzax shahri mezbonlik qiladi
Futzal bo‘yicha mamlakat milliy chempionati — Oliy liga jamoalari o‘rtasidagi so‘nggi, uchinchi davra bahslarining boshlanish muddati ma’lum bo‘ldi. Yakuniy davraning ilk turi, ya`ni 9-tur uchrashuvlari joriy yilning 10–13-mart kunlari Jizzax shahrida bo‘lib o‘tadi. Tur o‘yinlariga viloyat futbol akademiyasi sport zali mezbonlik qiladi.
Chempionatimiz hal qiluvchi pallaga yetib kelindi. Har bir uchrashuvda jamoalar oltinga teng ochkolar uchun maydonga tushadi. Shu bois 9-tur doirasida muxlislarni bir-biridan qiziqarli va murosasiz o‘yinlar kutmoqda.
9-tur oldidan amaldagi chempion “BMB PFC” eng yaqin ta’qibchisi SQBdan 8 ochkoga ilgarilab ketgan. So‘nggi uch mavsum davomida jizzaxliklarning asosiy raqobatchisi bo‘lib kelgan “Oil Star” esa peshqadamdan 9 ochko ortda qolgan holda uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Besh karra O‘zbekiston chempioni — OKMK ham medallar uchun kurashdan chetda emas.
Shunday ekan, muxlislar chempionlik va sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan jamoalar o‘rtasidagi keskin raqobatga guvoh bo‘lishadi. Liganing o‘rta va quyi pog‘onalarida borayotgan jamoalar ham osonlikcha taslim bo‘lmayotganini inobatga olsak, bahorgi turlar yanada shiddatli kechishi kutilmoqda.
Fursatdan foydalanib, Jizzax shahri aholisi hamda mehmonlarini Oliy liganing 9-tur uchrashuvlariga taklif etamiz.
Izoh: 8-tur o‘yinlariga kelmagan “Surxon” jamoasi chempionat va Kubok bahslaridan chetlatilgani sababli, termizliklar ishtirok etishi kerak bo‘lgan uchrashuvlarda raqib jamoalarga texnik g‘alaba yoziladi.