locale OZ

Futzal terma jamoasi Yevropa sinovlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Yig‘inning uchinchi kuni ham futbolchilar uchun ikki mahaldan intensiv mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Oldinda futzalchilarimizni yangi xalqaro sinovlar kutmoqda.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Futzal terma jamoasi Yevropa sinovlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda
photo: UFF

Futzal terma jamoasi Yevropa sinovlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Poytaxtimizdagi Milliy terma jamoalar markazi sport zalida futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Yevropa safari oldidan boshlang‘ich o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davom etmoqda.

Yig‘inning uchinchi kuni ham futbolchilar uchun ikki mahaldan intensiv mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Oldinda futzalchilarimizni yangi xalqaro sinovlar kutmoqda.

Dastlab, ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Mendes boshchiligidagi terma jamoamiz Budapesht shahrida Vengriya milliy terma jamoasiga qarshi ikkita uchrashuv o‘tkazadi.

Shundan so‘ng Amsterdam shahrida Niderlandiya Qirolligi milliy terma jamoasiga qarshi yana ikkita o‘rtoqlik-nazorat uchrashuvi rejalashtirilgan.

Tarkib uchun raqobat davom etmoqda

Toshkentdagi yig‘inga jami 21 nafar futzalchi jalb etilgan. Yevropa safari uchun esa ulardan 14 nafari saralab olinadi.

Bosh murabbiy Xose Mariya Mendes Yevropadagi uchrashuvlarning tashkiliy masalalarini hal etish maqsadida oldindan Budapeshtga yo‘l olgan. Shunga qaramay, u Toshkentdagi mashg‘ulotlarni har kuni onlayn kuzatib, murabbiylar shtabiga zarur tavsiyalarni masofadan yetkazib bermoqda.

Murabbiylar shtabi mashg‘ulotlarda

Bosh murabbiy yordamchisi Nodir Eliboyev mashg‘ulotlar jarayonida futzalchilarning o‘zaro o‘yin bog‘lamlarini shakllantirish va jamoaviy harakatlarni takomillashtirishga e’tibor qaratmoqda.

Shuhrat Tojiboyev esa nomzodlarning jismoniy tayyorgarligi va holatini nazorat qilmoqda.

Darvozabonlar bilan ishlash yo‘nalishida esa murabbiylik faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan Rustam Umarov fidoyilik bilan mehnat qilmoqda.

Futzalchilarning salomatligi va mashg‘ulotlarga tayyorgarlik holati fizioterapevt Abdurahim Sarimsoqov tomonidan muntazam nazorat qilib borilmoqda.

Yevropadagi uchrashuvlar O‘FF YouTube kanalida?

Terma jamoalar bilan ishlash hamda Xalqaro aloqalar departamentlari tomonidan Vengriya va Niderlandiya milliy terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini namoyish etish masalasi ham jiddiy o‘rganilmoqda.

Agar mezbon davlatlar tomonidan uchrashuvlar televideniye yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali jonli efirda namoyish etilsa, ularni O‘zbekiston Futzal Federatsiyasining YouTube kanali orqali retranslyatsiya qilish rejalashtirilgan.

Yevropa safari oldidan so‘nggi tayyorgarliklar davom etmoqda.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting