Futzal. Surxondaryo jamoasi birinchi ligaga tayyormi?
O‘zbekiston futzal federatsiyasi ishchi guruhi mamlakat birinchiligi arafasida ishtirokchi jamoalarning tayyorgarlik darajasi va hududiy sharoitlarni o‘rganish maqsadida Surxondaryo viloyatida xizmat safarida bo‘lib qaytdi.
O‘FF prezidenti viloyatlarga borganida hududiy assotsiatsiya rahbarlari bilan kelishuvga erishilgan edi. Shu kelishuvlarni ijrosini ta’minlash maqsadida, ya’ni futzal jamoalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, infratuzilmani rivojlantirish hamda professional jamoalarning respublika miqyosidagi musobaqalarda muntazam ishtirokini ta’minlash vazifalari doirasida amalga oshirildi.
Surxondaryo azaldan yurtimiz futboliga iste’dodli o‘yinchilarni yetkazib beruvchi maskan sifatida tanilgan. Bugungi kunda ham viloyatda yuzlab fidoyi charm to‘p ustalari soha rivoji yo'lida mehnat qilishmoqda. Viloyat mutasaddilari futzal bo‘yicha mamlakat birinchiligida qatnashuvchi jamoani shakllantirish ustida ish olib bormoqda. Qiziriq tumani bazasida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan jamoa a’zolari allaqachon yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlagan. Viloyat markazida esa Reglament talablariga to‘liq javob beradigan sport inshootlari mavjud.
O‘FF ishchi guruhi Termiz shahriga tashrif davomida futzalga ixtisoslashgan sport obyektlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, ular Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Ilhom Saparov, viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i hamda viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Sanjar Shomurodov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida viloyatda futzalni yanada rivojlantirish, infratuzilmani takomillashtirish va professional jamoaning birinchi liga bahslarida munosib ishtirok etishini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.