locale OZ

Futzal. Sariq qit’a XVIII Osiyo Kubogi musobaqasiga hozirlanmoqda

Osiyo futbol konfederatsiyasi guruhimizdagi uchrashuvlar taqvimi hamda o‘yinlarning boshlanish vaqtlarini e’lon qildi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Futzal. Sariq qit’a XVIII Osiyo Kubogi musobaqasiga hozirlanmoqda
photo: UFF

2026-yilning 27-yanvar sanasidan 7-fevralga qadar Osiyo futzal ishqibozlarining nigohi Indoneziya mamlakatiga qaratiladi. Dunyodagi eng katta Malay arxipelagining 17,5 ming oroli va Yangi Gvineya orolining g‘arbiy qismida joylashgan mazkur mamlakat hududi 1904,6 ming kvadrat kilometrni tashkil etadi va poytaxti Jakarta shahri sanaladi.

Indoneziya Osiyo kubogi bahslariga ikkinchi marta mezbonlik qilmoqda. Muqaddam, futzal jamoalari mazkur mamlakatga 2002-yilgi qit’a Kubogida kuch sinashish uchun tashrif buyurishgandi. Oradan 24-yil o‘tib yana qit’amizning barcha futzal jamoatchiligi mazkur mamlakatda jamlanishadi.

2026-yilgi Osiyo kubogi bahslarini qabul qilishga poytaxtdagi ikkita yirik sport majmuasi – Indoneziya Arena hamda Jakarta xalqaro velodromi tayyorgarlik ko‘rmoqda. Indoneziya Arena sport majmuasi poytaxt markazida barpo etilgan yangi sport inshooti bo‘lib, rasman 2023-yilning 7-avgust sanasida ochildi va universal sport saroyi o‘z bag‘riga 16500 tomoshabinni sig‘dira oladi. Jakarta Xalqaro Velodromi poytaxtning sharqiy qismidagi Ravamangunda 2018-yilgi Osiyo o‘yinlari munosabati bilan qurib foydalanishga topshirilgan va 8500 tomoshabinga mo‘ljallangan.

Osiyo kubogi-2026 musobaqasining “A” hamda “C” guruhlari bahslari – Indoneziya Arenada, “B” hamda “D” guruhi o‘yinlari esa Jakarta Xalqaro Velodromida bo‘lib o‘tadi. Demak, biz O‘zbekiston terma jamoasining guruhdagi barcha uchrashuvlarini poytaxt markazidagi yangi sport arenasidan tomosha qilamiz. Guruhimizda bir paytda boshlanadigan 3-tur bahslarida ham bizning terma jamoa Indoneziya Arenada qoladi, ikkinchi uchrashuv esa Velodromda tashkillashtiriladi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi guruhimizdagi uchrashuvlar taqvimi hamda o‘yinlarning boshlanish vaqtlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoasi bahs yuritadigan “C” guruhi o‘yinlari taqvim quyidagicha ko‘rinish olgan (o’yinlar Indoneziya vaqti bilan berilgan):

2026-yil 28-yanvar, chorshanba
Soat 15:00 Yaponiya – Avstraliya
Soat 19:00 O‘zbekiston – Tojikiston

2026-yil 30-yanvar, juma
Soat 15:00 Avstraliya – O‘zbekiston
Soat 19:00 Tojikiston – Yaponiya

2026-yil 1-fevral, yakshanba
Soat 15:00 Yaponiya – O‘zbekiston
Soat 15:00 Tojikiston – Avstraliya

Guruhlarda birinchi va ikkinchi o’rinlarni egallagan jamoalar 3-fevral kuni chorak finalda bahs yuritishadi. Yarim final o’yinlari 5-fevral sanasiga, final uchrashuvi esa 7-fevralga rejalashtirilgan.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting