Futzal. Poytaxtliklar finalni “begona” qilishmadi
Xabar berganimizdek, bugun Jizzax shahridagi viloyat futbol akademiyasi sport zalida Hududiy liga g‘oliblari o‘rtasidagi Respublika turnirining yarim final uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Har ikkala bahs ham so‘nggi soniyalargacha muxlislarni katta hayajonda ushlab turdi.
“Xonqa” va “Parma” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda hisobni dastlab toshkentliklar ochgan bo‘lishsa-da, birinchi bo‘lim yakuniga kelib xorazmliklar ikki to‘p farqi bilan oldinga chiqib olishgandi. Mamlakatimizning eng chekka hududlaridan birida futzalga bo‘lgan qiziqish va e’tibor qayta tiklanayotganini Davronbek Saidov shogirdlari maydondagi g‘ayrat va shijoatlari bilan namoyish etishga harakat qilishdi.
Biroq tarkibini O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining bir qator iqtidorli futbolchilari bilan kuchaytirgan, havaskor jamoalar o‘rtasidagi “O‘FF Prezidenti kubogi” musobaqasi g‘olibi bo‘lgan “Parma” uchrashuvning hal qiluvchi daqiqalarida tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va g‘alaba qozondi. Qiziqarli hamda murosasiz kurashlarga boy o‘tgan bahsga Aleksiy Sokolov va Abdulboriy Ilyosovlarning gollari yakuniy nuqta qo‘ydi.
Dramatizm jihatidan ikkinchi yarim final birinchisidan ham ustun keldi. Asosiy vaqtda sakkizta gol urilgan bo‘lsa-da, g‘olib nomi aniqlanmadi. Penaltilar seriyasida esa poytaxt viloyati okrugi harbiylari omadliroq chiqishdi. To‘qqiztadan futbolchi zarba bergan seriyada TXO 6:5 hisobida zafar quchib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Ertaga dastlab bronza medallari uchun uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng turnirning bosh sovrini egasi final bahsida aniqlanadi.
Yarim final | 12-iyun
“Xonqa” – “Parma” 4:7
“Ezgu niyat” – TXO 4:4 (penaltilar – 5:6)
3-o‘rin uchun | 13-iyun
10:00 — “Xonqa” va “Ezgu niyat”
FINAL | 13-iyun
11:30 — “Parma” va TXO