Futzal. O‘zbekiston vakili ayollar o‘rtasidagi futzal bo‘yicha Jahon chempionatida faoliyat olib bormoqda
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Xalqaro musobaqalarni o‘tkazish bo‘limi mutaxassisi Adelya Kurmayeva FIFA Filippinda o‘tayotgan ayollar futzali bo‘yicha tarixdagi ilk FIFA Jahon chempionatida faoliyat yuritish uchun taklif etildi.
U musobaqada FIFA Competitions Coordinator — Musobaqalar koordinatori sifatida muhim va mas’uliyatli vazifalarni bajarib kelmoqda. Uning zimmasiga tashkiliy jarayonlarni nazorat qilish, jamoalar va rasmiylar bilan hamkorlik qilish, FIFA reglamentlari va standartlariga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, jahon miqyosidagi o‘yinlarning yuqori saviyada o‘tkazilishini kafolatlash kiradi.
Bunday nufuzli xalqaro turnirga taklif etilish — O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mutaxassislarining professionalligi va tajribasi e’tirofidir. Adelya Kurmayevaning Jahon chempionatidagi faoliyati esa mamlakatimizda ayollar futboli va futzalining rivojlanishiga munosib hissa bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston jahon futbol maydonida o‘z o‘rnini tobora mustahkamlamoqda.