Futzal. O‘zbekiston terma jamoasi I Osiyo chempionatida peshqadamlar safida
Ayni kunlarda qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida karlar jamoalari o‘rtasida futzal bo‘yicha I Osiyo chempionati bahslari bo‘lib o‘tmoqda. Unda Osiyoning eng kuchli olti terma jamoasi bir davrali tizimda o‘zaro kuch sinashmoqda.
Mazkur tarixiy musobaqa 2027-yilda Avstriyaning Tirol shahrida bo‘lib o‘tadigan Qishki Surdlimpiya o‘yinlariga saralash bosqichi vazifasini ham bajaradi.
Quvonarlisi, qit’a chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Aziz Mamatov boshchiligidagi terma jamoamiz bugunga qadar to‘rtta uchrashuv o‘tkazdi.
Birinchi turda hamyurtlarimiz Ummon terma jamoasini 10:2 hisobida mag‘lub etishdi.
Ikkinchi turda esa musobaqa mezboni Qirg‘iz Respublikasi terma jamoasiga qarshi bahs olib borildi. Ushbu uchrashuvda turnirning eng yirik hisobi qayd etildi. O‘zbekiston futzalchilari raqib darvozasiga 20 ta gol kiritgan bo‘lsa, mezbonlar bunga atigi ikki gol bilan javob qaytarishdi — 20:2.
Uchinchi turda ham O‘zbekiston terma jamoasi g‘olibona yurishini davom ettirdi. Bu safar Bahrayn futzalchilari hamyurtlarimizga qarshi hech narsa qila olishmadi va uchrashuv 9:2 hisobida O‘zbekiston foydasiga yakunlandi.
Bugun esa ikki qo‘shni davlat — O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari o‘rtasida shiddatli hamda murosasiz bahs bo‘lib o‘tdi. Afsuski, uchrashuvda hisobni o‘zbekistonlik futzalchilar ochgan bo‘lishsa-da, omad raqib tomonida bo‘ldi. Qozog‘iston terma jamoasi 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘zbekiston terma jamoasi musobaqaning hal qiluvchi so‘nggi turida Saudiya Arabistoni bilan bahs olib boradi. Ushbu uchrashuv yakuniga ko‘ra, terma jamoamizning chempionatdagi yakuniy o‘rni va Surdlimpiya yo‘llanmasi masalasiga oydinlik kiritiladi.