Futzal. O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘inni yakunladi
Poytaxtimizdagi Milliy terma jamoalar markazida futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 4–12-iyun kunlariga mo‘ljallangan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini yakunladi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Xose Mariya Mendes bu galgi yig‘inga mamlakat milliy chempionatining so‘nggi turlarida o‘zini ko‘rsatgan, shuningdek, mamlakat birinchiligi ishtirokchilari orasidan saralab olingan 25 nafar futbolchini taklif etdi.
Mashg‘ulotlar davomida ispaniyalik mutaxassis nomzodlar bilan yaqindan tanishib, ularning imkoniyatlari va salohiyatini o‘rgandi. Shuningdek, yangi futbolchilarga o‘zining futzal falsafasini singdirish, maydonda bor kuchi va mahoratini safarbar etadigan jangovar jamoani shakllantirish ustida ish olib bordi.
Albatta, Xose Mariya Mendes e’tiboridagi futbolchilar faqat ushbu yig‘inga jalb etilgan nomzodlar bilan cheklanmaydi. Mutaxassis terma jamoa eshiklari munosib futbolchilar uchun doimo ochiq ekanini, o‘zining ijobiy jihatlarini namoyon eta oladigan har bir o‘yinchini milliy jamoada ko‘rishni istashini muntazam ta’kidlab keladi. Shu ma’noda, nafaqat milliy chempionatimiz, balki xorijda faoliyat olib borayotgan legionerlar ham murabbiylar shtabi kuzatuvida bo‘lib, ulardan doimiy ravishda mehnat, izlanish va o‘sish talab etiladi.
Iyun oyidagi yig‘inda bosh murabbiyga O‘zbekiston futzal federatsiyasi taklifiga binoan poytaxtimizga tashrif buyurgan portugaliyalik mutaxassis Nuno Migel yaqindan yordam berdi. U darvozabonlarning zamonaviy futzaldagi o‘rni naqadar muhim ekanini, shuningdek, milliy, yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari posbonlaridan rasmiy uchrashuvlarda nimalar talab etilishini amaliy mashg‘ulotlar orqali namoyish etdi.
Nuno Migelning mashg‘ulotlari nafaqat terma jamoa darvozabonlari, balki klub tizimida faoliyat yuritayotgan darvozabonlar murabbiylari uchun ham foydali va samarali bo‘ldi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining navbatdagi yig‘ini kuz faslida, FIFA kunlari arafasida tashkil etiladi. Keyingi yig‘inlardan e`tiboran bir qator nazorat, xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushish ham rejalashtirilgan.