Futzal. O‘zbekiston kubogi–2026 musobaqasiga 16-aprel kuni qur`a tashlanadi
Mamlakatimiz futzal musobaqalari orasida nufuzi jihatidan ikkinchi o‘rinda turuvchi O‘zbekiston kubogi–2026 musobaqasi boshlanishiga ham sanoqli kunlar qolmoqda. Musobaqaga qur`a tashlash marosimi joriy yilning 16-aprel sanasi soat 15:00 da o'tkaziladi.
O‘zbekiston futzal federatsiyasining 2025/2026-yilgi musobaqalar Reglamentiga muvofiq, Kubok bahslari ikki bosqichdan iborat holda tashkil etiladi.
Birinchi bosqichda Oliy va Birinchi liga jamoalari qur’a tashlash natijalariga ko‘ra to‘rtta saralash guruhiga taqsimlanadi. Guruh o‘yinlari markazlashgan tarzda, bir davrali tizim asosida o‘tkaziladi.
Har bir guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar pley-off bosqichiga yo‘llanma oladi. Rejaga ko‘ra, guruh bahslari joriy yilning 29-aprel – 6-may kunlari Jizzax shahrida bo‘lib o‘tadi.
O’zbekiston kubogi-2026 musobaqasining ikkinchi bosqichi olimpiya tizimida tashkil etiladi. Dastavval chorak final bahslari bo’lib o’tadi. Bu bosqichda “A” guruhi g’olibi “С” guruhida ikkinchi o’rinni egallagan jamoa bilan, “B” guruhi g’olibi “D” guruhida ikkinchi o’rinni egallagan jamoa bilan, “C” guruhi g’olibi “A” guruhida ikkinchi o’rinni egallagan jamoa bilan va nihoyat “D” guruhi g’olibi “C” guruhida ikkinchi o’rinni egallagan jamoa bilan kuch sinashadi.
Chorak final bosqichida g‘olib jamoalar bitta o‘yin natijasiga ko‘ra aniqlanadi. O’yinda durang natija qayd etilsa, FIFA tomonidan belgilangan qoidaga ko’ra jamoalar 5 daqiqadan iborat 2 ta qo’shimcha taymlarda kurashni davom ettirishadi. Yakunda durang natija o’zgarmasa, tomonlar 5 tadan penaltilar seriyasida g’olib jamoa nomini aniqlab berishadi.
Chorak final bahslari 20–21-may kunlariga belgilangan bo‘lib, o‘yinlarga Qarshi shahridagi «Geolog» sport majmuasi mezbonlik qiladi.
Yarim final bosqichida jamoalar ikkita o‘yin natijasiga ko‘ra finalchilarni aniqlaydi. Agar ikki uchrashuv yakunlariga ko‘ra kuchlar teng kelsa, ikkinchi o‘yindan so‘ng 5 daqiqadan iborat ikkita qo‘shimcha taymlar belgilanadi. Qo‘shimcha vaqtda ham g‘olib nomi aniqlanmasa, final yo‘llanmasi FIFA qoidalariga muvofiq penaltilar seriyasi orqali hal etiladi.
Yarim final bahslari 28–29-may kunlari Andijon shahridagi «Universal» sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston kubogi–2026 musobaqasining hal qiluvchi final uchrashuvi 3-iyun, chorshanba kuni Toshkent shahridagi Yunusobod sport majmuasida tashkil etiladi.
Barcha futzal ishqibozlarini yuqorida ko’rsatilgan sanalarda musobaqa uchrashuvlari o‘tkaziladigan sport majmualariga taklif etamiz. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston futzal federatsiyasi tasarrufidagi barcha musobaqalarga kirish mutlaqo bepul.