Futzal. Osiyo Yoshlar o’yinlariga nomzodlar kashf etildi
O‘zbekiston futzal federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh kecha kunning ikkinchi yarmida Buxoro shahriga yetib bordi va Viloyat olimpiya zahiralari sport kolleji zalida rejalashtirilgan seleksiya mashg‘ulotini o‘tkazdi.
E’tiborlisi, Buxoroda tashkil etilgan seleksiya jarayonida qo’shni Navoiy viloyatining iqtidorli yosh futzalchilari ham qatnashishdi. Bu esa hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bilan birga, iste’dodlarni yanada kengroq qamrovda saralash imkonini berdi.
Qo‘shni hududlar jamoalari o‘rtasida tashkil etilgan nazorat uchrashuvlari seleksiya ishlarining samaradorligini oshirdi. Amaliy o‘yinlar davomida futbolchilarning texnik mahorati, taktik tafakkuri, jismoniy tayyorgarligi va ruhiy barqarorligi yaqqolroq namoyon bo‘ldi.
Mazkur tanlovda 60 nafardan ziyod yosh futzalchilar ishtirok etishdi. Mashg’ulotdan keyin ishchi guruh azolari yoshlar va o‘smirlar terma jamoalarimiz uchun munosib nomzodlar ro‘yxatini shakllantirishdi. Etiborli jihati 2029-yili poytaxtimizda o’tkaziladigan Osiyo Yoshlar o’yinlarida qatnashuvchi o’smirlar jamoasi uchun ham 8 nafar iqtidorli futzalchilar kashf etildi. Ularning 6 nafari Buxoro viloyatidan, ikki nafari esa Navoiy viloyati futzalchilaridir.
Yosh iste’dodlarni kashf etish, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish hamda terma jamoalarimiz uchun munosib zaxira yaratishga qaratilgan bunday seleksiya tadbirlari kelgusida mamlakatimiz futzalining rivojiga xizmat qilishi, terma jamoalarimiz safini yangi va iqtidorli futbolchilar bilan boyitishi shubhasiz.