locale OZ

Futzal. O‘FF Prezidenti kubogi-2026 o‘z laureatlarini aniqladi

Turning dastlabki bahsida esa “Olimpik” jamoasi “Istiqlol” ustidan 7:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Futzal. O‘FF Prezidenti kubogi-2026 o‘z laureatlarini aniqladi
photo: UFF

Qariyb besh oy davom etgan havaskor jamoalar o‘rtasidagi “O‘FF Prezidenti kubogi-2026” musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Bugun turnirning 18-tur uchrashuvlari yakunlangach, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Joriy mavsumda chempionlik uchun kurash so‘nggi turga qadar intrigaga boy tarzda kechdi. Turnir jadvalida peshqadam bo‘lib kelgan “Parma” jamoasi hal qiluvchi bahslarda ham barqaror o‘yin namoyish etib, chempionlikni qo‘ldan chiqarmadi. 18-turda asosiy ta’qibchi hisoblangan “BMB” jamoasi “Bojxona” bilan kutilmagan durang qayd etdi va shu tariqa chempionlik uchun imkoniyatini yo‘qotdi.

“Asalarilar” nomi bilan tanilgan “Parma” jamoasi esa so‘nggi turda musobaqa autsayderi IMVga qarshi bahsda ishonchli g‘alabani rasmiylashtirib, 45 ochko bilan “O‘FF Prezidenti kubogi-2026” bosh sovrinini qo‘lga kiritdi. Chempiondan besh ochko ortda qolgan “BMB” jamoasi musobaqani kumush medallar bilan yakunladi.

Musobaqaning eng yorqin kashfiyoti esa O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bo‘ldi. O‘tgan mavsum Osiyo yoshlar o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan futzalchilar asosida shakllangan jamoa turnir davomida mazmunli va shijoatli o‘yini bilan muxlislar e’tiborini qozondi. So‘nggi turda “Kamol Construction” jamoasi 4:1 hisobida mag‘lub etildi va yoshlar jamoasi musobaqani faxrli 3-o‘rinda yakunladi.

Bronza medallari uchun kurash ham keskin ruhda kechdi. To‘rtinchi o‘rinni egallagan SQB jamoasi yoshlar termasidan atigi bir ochko ortda qoldi. Bankchilar so‘nggi turda TATU darvozasiga javobsiz to‘rtta to‘p kiritib, mavsumni g‘alaba bilan yakunlashdi.

Turning dastlabki bahsida esa “Olimpik” jamoasi “Istiqlol” ustidan 7:2 hisobida g‘alaba qozondi.

“O‘FF Prezidenti kubogi” musobaqasi mamlakatimizda futzal ommaviyligini oshirish, yoshlarni sportga keng jalb etish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda muhim loyihalardan biriga aylandi. Quvonarlisi, musobaqa reglamentiga muvofiq har bir jamoa tarkibida 2009-yil va undan keyin tug‘ilgan o‘smir futbolchilarning maydonga tushishi shart etib belgilangani ko‘plab yangi iste’dodlarni kashf etishga xizmat qildi.

Shu tariqa “O‘FF Prezidenti kubogi-2026” nafaqat g‘olib va sovrindorlarni, balki kelajakda mamlakat futzalining rivojiga hissa qo‘shishi kutilayotgan yosh iqtidorlarni ham namoyon etgan musobaqa sifatida tarix sahifalaridan o‘rin egalladi.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting